Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi

Bugun darsda quyidagilar bilan tanishasiz:

  1. Nikoh shartnomasi.
  2. Nikoh shartnomasi shakli va mazmuni.
  3. Nikohning tugatilish asoslari.
  4. Nikohdan ajratish tartibi

Nikoh shartnomasi

Nikoh shartnomasi – nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi. Nikoh shartnomasi er va xotin mulkining shartnomaviy rejimi hisoblanadi. Nikoh shartnomasi yoki kontrakt – oddiy bitim bo‘lib, sud jarayonida bu bitimga nisbatan uni tuzgan shaxslar tomonidan ham, boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan ham e’tiroz bildirilishi mumkin.

Nikoh shartnomasida er-xotin oila xarajatlarini birgalikda ta’minlash va amalga oshirish, bir-birining daromadlarida ishtirok qilish bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini belgilab olish, nikoh bekor qilingan taqdirda er-xotinning har biriga beriladigan mulkni tayinlash, shuningdek, nikoh shartnomasiga er-xotinning mulkiy munosabatlariga taalluqli boshqa qoidalarni kiritish huquqiga egalar.

Nikoh shartnomasi faqat shaxsan tuzilishi mumkin bo‘lgan bitimlar tarkibiga kiradi, shartnoma vakillar orqali tuzilishi mumkin emas. Nikoh shartnomasi — nikoh bekor qilingandan so‘ng kimga qanday mulk tegishli bo‘lishini aniq belgilab beradi. Unda er-xotin o‘rtasida birgalikda orttirilgan mulk chegaralari belgilanadi, nikoh bekor qilingandan so‘ng do‘stona munosabatlar imkoniyati saqlanib qoladi.


Nikoh shartnomasining shakli va mazmuni

Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir.

Nikoh shartnomalari, odatda, davlat ro‘yxatidan yoki boshqa maxsus ro‘yxatdan o‘tkaziladigan mulklarga nisbatan tuziladi. Nikoh shartnomasida qayd qilinmagan mulklarga nisbatan umumiy birgalikdagi mulk rejimi saqlanib qoladi. Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishini ham nazarda tutishi mumkin.

Notarial shakl shartnomaning ishonchliligini anglatadi, taraflarning o‘zaro munosabatlariga aniq-ravshanlik kiritadi, nikoh shartnomasi tuzilganligi fakti va uning mazmuni bo‘yicha nizolar vujudga kelishi imkoniyatini istisno etadi. Nikoh shartnomasini tasdiqlashdan oldin notarius yuridik faktlarning zaruriy tarkibini tekshiradi. U tomonlarning shaxsi, huquq layoqati, muomala layoqatini, ularning biridan ikkinchisiga o‘tayotgan subyektiv huquqlarga egaligini aniqlashi lozim.

Guvohlantirilgan nikoh shartnomasi notarial idoraning ish hujjatlarida saqlanishi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi va agar taraflarga berilgan nusxalar yo‘qotilsa, ular o‘zlarining huquqlarini tasdiqlash uchun notarial arxivga murojaat qilishlari va nikoh shartnomasining dublikatini olishlari mumkin. Er va xotinning mol-mulki huquqiy tartibini belgilaydigan nikoh shartnomasining shartlari uning mazmunini tashkil qiladi.

Nikoh shartnomasi shartlarida tomonlarning nikohda va u bekor bo‘lganida er va xotin mulkiy munosabatlarining muhim jihatlari bo‘yicha nizomlar qayd etiladi. Qoidaga ko‘ra, nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.

Nikoh shartnomasiga er va xotin quyidagi qoidalarni kiritishga haqlidirlar:

  1. o‘zaro moddiy ta’minot berish;
  2. oila хarajatlarini taqsimlash;
  3. bir-birining daromadida ishtirok etish;
  4. boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish;
  5. birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olish;
  6. nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mol-mulkni aniqlab olish;
  7. er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar.

Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi. Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikohning tugatilish asoslari. Nikohdan ajratish tartibi

Qonun hujjatlarida nikohni tugatish, bekor qilish va nikohdan ajratish to‘g‘risida normalar mavjud. Bunda nikohni tugatish umumiy va keng ma’no kasb etadi. Nikohning tugatilishi deganda ma’lum yuridik faktlar tufayli er-xotin o‘rtasida vujudga kelgan nikoh huquqiy munosabatlarining tugallanishi tushuniladi. Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi.

Agar nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular yuridik kuchini yo‘qotmaydi. Vafot etish yuridik fakt bo‘lib, er-xotin o‘rtasidagi nikoh munosabatini bekor qiladi. Er-xotindan biri vafot etgan yoki sud tartibida vafot etgan deb e’lon qilingan hollarda ular o‘rtasidagi nikohning huquqiy munosabati tugallanadi.

Oila kodeksida nikohdan ajralish uchun aniq asoslar ko‘rsatilmagan va buning iloji ham yo‘q, chunki er yoki xotin keltirgan asos ayrim hollarda nikohdan ajratish uchun yetarli deb topilsa, boshqa hollarda ajratish uchun asos bo‘la olmaydi. Shuning uchun Oila kodeksida nikohdan ajralishning sud amaliyoti quyidagicha belgilangan: «Agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi».

Nikohdan sud tartibida ajratish. Oila kodeksi nikohdan ajralishning asosiga qarab, buning quyidagi tartibini belgilaydi: 1) er-xotinlar o‘rtasidagi mulkiy nizolar mavjud bo‘lgan hollarda (masalan, mol-mulkni bo‘lish, er-xotinlar o‘rtasidagi hamda voyaga yetmagan bolalarga moddiy ta’minot bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar yuzasidan (aliment undirish masalasida) va boshqalar) sud tartibida ajratiladi; 2) nizo bo‘lmagan taqdirda, jumladan, agar: a) er-xotin o‘rtasida voyaga yetmagan farzandlari bo‘lmasa va ular ajralishga o‘zaro rozi bo‘lgan; b) taraflar (er yoki xotin) sud tomonidan bedarak yo‘qolgan, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan; d) sodir etgan jinoyati uchun eri yoki xotini uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan taqdirda, Oila kodeksining 42-43-moddalarida belgilanganidek, ma’muriy tartibda (FHDY organi orqali) nikohdan ajratiladi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohdan ajratish. Nikohdan ajralishning sud bilan birga ma’muriy tartibi mavjud. Mazkur tartib er-xotinlik munosabatlarini bekor qilishning nisbatan oddiy va soddalashtirilgan tartibi hisoblanadi.

Bunda nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida ajratiladi va sud jarayoni bo‘lmaydi. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari ariza berilgan kundan uch oy o‘tgandan keyin ajralishni rasmiylashtiradi va ularga nikohdan ajralish to‘g‘risidagi guvohnomani beradi. Shu vaqtdan boshlab nikoh tugallangan hisoblanadi va sobiq er-xotin yangi nikohdan o‘tish huquqini oladi. Uch oylik muddat er-xotinning yarashib ketishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida belgilanadi.

Savol va topshiriqlar

1. Nikoh shartnomasini fuqarolik huquqidagi boshqa shartnomalar bilan taqqoslang va nikoh shartnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan hamda kiritilishi mumkin bo‘lmagan shartlarning o‘zaro farqini tahlil qiling.

2. Nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr nazarda tutiladimi?

3. Nikohni tegishli tartibda qayd qilmay turib er-xotin bo‘lish mumkinmi?

4. Nima uchun nikoh shartnomasi faqat shaxsan tuzilishi zarur bo‘lgan bitimlar tarkibiga kiradi?

Ijodiy faoliyat:

Z. va A. erta turmush qurishdi. Nikohga kirishish vaqtida ikkovi 17 yoshda bo‘lishgan. Z. 16 yoshligidan emansipatsiyaga ega bo‘lib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelar edi. Shu sababli Z. nikohga kirishish vaqtida A.ga nikoh shartnomasi tuzishni taklif qildi. Z. va A. nikoh shartnomasi tuzish va uni rasmiylashtirish maqsadida notarial idoraga murojaat qilganlarida, notarius ularning hali voyaga yetmaganliklarini, notarial tasdiqlangan bitim tuzish uchun ular hali yoshligini, yana ikki yildan so‘ng kelishlari mumkinligini ta’kidlab, nikoh shartnomasini notarial tasdiqlashni rad etdi. Notariusning harakatlari to‘g‘rimi?

Huquq tarixidan:

Nikoh shartnomasi ko‘p asrlardan beri xorijiy va milliy amaliyotda amal qilib kelmoqda. Qadimgi Rimdayoq bo‘lg‘usi er-xotinlarning mol-mulkiga oid bitimlar tuzilgan. Sharqiy va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida XVIXIX asrlarda aholining turli qatlamlari o‘rtasida nikohdan oldingi kelishuvlar keng tarqalgan. Er-xotin mol-mulkining shartnomaviy rejimini tartibga soluvchi huquqiy vosita sifatida nikoh kontrakti institutining shakllanishi XVIII asrning oxiri–XIX asrning boshlarida Fransiya, Angliya, Germaniya, Avstriya va boshqa davlatlarda boshlangan.

2.47K
Нет комментариев. Ваш будет первым!