Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini

Bugun darsda quyidagilar bilan tanishasiz:

1) Oila huquqining konstitutsiyaviy asosi.

2) O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi.

3) Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar.

4) Oila huquqining subyektlari.

5) Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning teng huquqliligi.

1) Oila huquqining konstitutsiyaviy asosi.

 Oila sohasidagi huquqiy munosabatlarning asosiy manbayi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi. Jamiyat va davlatning oilaga g‘amxo‘rligi ijtimoiy siyosatimizning muhim yo‘nalishiga aylangan. Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir.

 Shuning uchun ham oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilib, bolaning shaxs sifatida shakllanishi, kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi hamda ma’naviy barkamol inson bo‘lib yetishishida asosiy poydevor hisoblanadi.

 Xalqimiz tarixiga nazar tashlasak, eng qadrli an’analar: halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharm-u hayo, mehr-u oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar eng avvalo oilada shakllangan. Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, imon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir

Oila munosabatlarining O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida aks ettirilishi oilani yuksak axloqiy-ma’naviy normalar asosida mustahkamlashning yorqin namunasidir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida O‘zbekiston fuqarolari bolalarni voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi, farzandlar ota-onalari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari va ularga yordam berishlari shartligi ko‘rsatib o‘tilgan. Farzandlar ota-onalarining nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

2) O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi.

Oilaning jamiyatdagi rolini ta’minlashda, uning huquqiy muhofazasi va ijtimoiy mavqeyini mustahkamlashda Oila kodeksining roli kattadir. O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi jahon hamjamiyatida umumiy e’tirof etilgan huquqiy normalarga to‘la mos ravishda tuzilgani holda, «oila — jamiyatning tayanch tuzilmasidir», degan g‘oyaga asoslangan.

Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a’zolarining mas’ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikdan, oila a’zolari o‘z huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlashdan iboratdir.

Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikoh ittifoqini tuzishi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy teng huquqliligiga asoslanadi.

3) Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Oilaviy huquqiy munosabatlar deganda fuqarolar o‘rtasida bo‘ladigan va oilaviy huquqiy normalar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tushuniladi. Oila huquqi oila a’zolari o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy va mulkiy munosabatlarni tartibga soladi. Shaxsiy nomulkiy munosabatlarga er-xotinning familiyasi, bolalar tarbiyasi, oila turmushi masalalarini hal qilish, mashg‘ulot turi, kasb va turar joy tanlash huquqlari kiradi.

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan umumiy mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha holat ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi va mulkiy munosabatlar bilan tartibga solinadi. Oilaviy-huquqiy munosabatlar o‘zining ba’zi bir belgilari bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga o‘xshab ketadi.

Biroq bu o‘xshashlik faqat tashqi ko‘rinishdir. Fuqarolik huquqiy munosabatlarning asosini mulkiy munosabatlar, oilaviy huquqiy munosabatlar asosini esa mulkiy bo‘lmagan shaxsiy munosabatlar tashkil etadi. Oila huquqi birinchi navbatda shaxsiy munosabatlarni tartibga soladi.

Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi oila qonunlarida nazarda tutilgan huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari tarkibiga quyidagilar kiradi:

— er-xotinning (shaxsiy va mulkiy) huquqlari va majburiyatlari;

— ota-onaning (shaxsiy va mulkiy) huquqlari va majburiyatlari;

— nikoh tuzishda teng huquqlilik;

— voyaga yetmagan bolalarning (shaxsiy va mulkiy) huquqlari va majburiyatlari;

— ota-onalar va bolalar, er-xotin, sobiq er-xotin, qarindoshlar va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari;

— nikohning tugatilish asoslari;

— er-xotinning umumiy mol-mulkka egalik qilish, foydalanish va uni tasarruf etish huquqi;

— nikoh shartnomasini tuzishda er-xotinning huquqlari va majburiyatlari;

— farzandlikka olish tartibi;

— bolaning huquq va manfaatini himoya qilish bo‘yicha ota-onaning huquq va majburiyatlari;

— ota-onaning bolani tarbiyalash hamda ung

— ota-onalik huquqidan mahrum qilish asoslari;

— vasiylik va homiylikka murojaat etish huquqi.

Ota-onalik huquqidan mahrum etish instituti oilaviy huquqiy munosabatlarda alohida o‘rin tutadi. Oilaviy huquqiy munosabatlar deganda fuqarolar o‘rtasida bo‘ladigan va oilaviy huquqiy normalar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar tushuniladi.

4) Oila huquqining subyektlari

Har qanday boshqa munosabatlarda bo‘lganidek, oilaviy huquqiy munosabatlarda ham uch element: subyekt, subyektiv huquq va majburiyatlarni ko‘rishimiz mumkin.

Oilaviy munosabatlarning subyekti bo‘lib, er-xotin, ota-ona, bolalar, vasiylar va homiylar, boshqa qarindosh-urug‘lar hamda oila qonunlari sohasida u yoki bu munosabatlarni hal etishda ishtirok etuvchi yuridik shaxslar, fuqarolar uyushmasi, muassasalar, organlar, ijtimoiy birlashmalar hisoblanadi.

Oila a’zolariga, oilaning sobiq a’zolariga tegishli qonun bilan himoya qilinadigan axloqiy va moddiy qadriyatlar yuzasidan oila huquqi subyektlari qabul qiladigan harakat va qarorlar oilaviy huquqiy munosabatlarning obyektlari bo‘lishi mumkin.

5) Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning teng huquqliligi.

Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egadirlar. Nikoh tuzish chog‘ida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga, bevosita yoki bilvosita afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oilaviy munosabatlarda fuqarolarning huquqlari faqat qonunga asosan va faqat oiladagi boshqa a’zolarning hamda o‘zga fuqarolarning axloqi, sha’ni, qadr-qimmati, sog‘lig‘i, huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida zarur me’yordagina cheklanishi mumkin.

Savol va topshiriqlar:

1) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanliklari e’tirof etiladi. «Oilada teng huquqlilik» tushunchasi qanday munosabatlarga nisbatan ko‘proq ishlatiladi?

2. Oilaviy huquqiy munosabatlar deganda nimani tushundingiz? Hayotiy misollar keltiring.

3. Oilaviy huquqiy munosabatlar bilan fuqarolik huquqiy munosabatlarning bir-biridan farqi nimada?

4. Oilaviy huquqiy munosabatlar subyektlariga misol keltiring.

5. Nima uchun oila jamiyatning asosiy negizi deb ataladi? Fikringizni asoslang.

3.56K
Нет комментариев. Ваш будет первым!