O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatning huquqiy asosi

Bugun darsda quyidagilar bilan tanishasiz:

1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatning huquqiy asosi.

2) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlarini amalga oshirishning huquqiy asosi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi davlatning huquqiy asosi.

Mamlakatlarning ichki boshqaruvi va mustaqilligi, suvereniteti uning konstitutsiyasi vositasida qonunlashtiriladi. Bu esa davlat hokimiyatining konstitutsiya bilan cheklanganligini, tartibga solinishini ham anglatadi. Huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatida konstitutsiya davlat hokimiyati bilan inson o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning qonuniy mezonini o‘rnatuvchi asosiy vosita hisoblanadi. Konstitutsiyada inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deb e’tirof etiladi.

Demokratik huquq va erkinliklar konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. O‘z navbatida, davlat organlari va mansabdor shaxslar fuqarolar oldida mas’uldirlar. Mazkur konstitutsiyaviy qoidalar mazmunidan inson va fuqarolar huquqlari hamda erkinliklarining ustunligi prinsipi kelib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasining asosiy mavzusi inson huquqlari bo‘lib, xalqimiz va davlatimiz ana shu masalada inson huquqlariga sodiqligini e’lon qiladi. Konstitutsiya fuqaro, jamiyat va davlat hokimiyati o‘rtasidagi munosabatlarni belgilovchi o‘ziga xos ijtimoiy shartnomadir. Konstitutsiya fuqarolarning umumiy teng huquqliligi, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro mas’ulligi g‘oyasiga asoslanadi. Konstitutsiyaviy qoidalar shaxs va davlatning o‘zaro munosabatlari qanday shakllanishi lozimligi va bu inson hayotida qanday ahamiyatga ega ekanligini tushunib olishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi shaxs va davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning huquqiy tartibini belgilab beradi. Bunga ko‘ra xalq, jamiyat, shaxs huquqi va manfaati birinchi o‘ringa qo‘yiladi.

Agar shaxs va davlat munosabatida davlat o‘rniga e’tibor berilsa, davlat manfaatining mohiyati zamirida ham inson huquqi va erki himoyasi yotadi. Biz bunyod etayotgan davlatning insonparvarlik va xalqparvarlik mohiyati shunda aks etadi, ya’ni davlat faoliyatining asosiy maqsadi insonga xizmat qilish ekanligi to‘la e’tirof etiladi.

Har bir davlat o‘z hududida amal qilinadigan qonunlarini o‘zi yaratadi. Demak, qonunlar jamiyatdagi muayyan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi va xalqning xohish-irodasini ifoda etadi, turli siyosiy kuchlar, ijtimoiy tabaqalar, guruhlar manfaatlarining o‘zaro murosasini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlarini amalga oshirishning huquqiy asosi.

Konstitutsiyaviy davlat deganda davlat hokimiyati idoralari konstitutsiyada belgilangan tartib va prinsiplar asosida shakllantiriladigan va konstitutsiyaviy normalarga qat’iy rioya etgan holda o‘z faoliyatini amalga oshiradigan davlat apparati tushuniladi. Konstitutsiyaviy davlat — mamlakatning butun hududida va davlat faoliyatining barcha sohalarida konstitutsiyaning hamda u asosida qabul qilingan qonunlarning ustunligini ta’minlaydigan va kafolatlaydigan davlatdir.

Xalq suvereniteti oliy hokimiyat xalqqa tegishli ekanligini bildirsa, davlat suvereniteti mustaqil hokimiyat, ya’ni mamlakatning ichki va tashqi siyosatini xalq nomidan davlat amalga oshirishini anglatadi. Davlat hokimiyati xalq erki-irodasining mahsuli bo‘lib, bunday hokimiyatni amalga oshiruvchilar xalq tomonidan saylanadi.

Konstitutsiyaviy davlatda qonun ustunligi prinsipining mantiqiy davomi sifatida yana ikki prinsip: «qonun bilan taqiqlanmagan barcha narsaga ruxsat etiladi» (fuqarolar uchun) hamda «faqat qonunda mustahkamlangan narsagagina ruxsat etiladi» (davlat organlari va mansabdor shaxslar uchun) amal qiladi. Birinchi prinsip fuqarolarning harakatlanish erkinligi va imkoniyatlarini kengaytiradi.

Qonunda man etilmagan, taqiqlanmagan har qanday xatti-harakatlarni sodir etish mumkin bo‘ladi va buning uchun yuridik javobgarlik kelib chiqmaydi. Ikkinchi prinsipning ma’nosi shundaki, bunda davlat idoralari va mansabdor shaxslar o‘zlarining qonunda belgilangan vakolatlari doirasida, ularga aynan mos ravishda harakatlanishlari lozim bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy davlatda hokimiyatning tashkil etilishi va faoliyat yuritishi konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yiladi. Konstitutsiyada nazarda tutilmagan hokimiyat organlarini tashkil etish mumkin emas. Konstitutsiyaviy davlat, eng avvalo, davlatning huquq bilan uzviy bog‘liqligidir.

Konstitutsiya inson va fuqaroning shu hokimiyat tomonidan kafolatlangan huquqlarini mustahkamlaydi va ana shu huquqlarga mutanosib tarzda davlat hokimiyatini cheklaydi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya — davlat hokimiyatini tashkil etish va faoliyat yuritishining huquqiy rasmiylashtirilishi bo‘lib, bu hokimiyatning fuqarolik jamiyati boshqa subyektlari bilan munosabatini tartibga soladi.

Savol va topshiriqlar

1. «Shaxs — jamiyat — davlat» munosabatlariga misol keltiring.

2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat mustaqilligi, davlat boshqaruvi, davlat tuzilish shakli va siyosiy tartibot qanday ifodalangan? Fikringizni asoslang.

3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasini o‘qing. Xalq hokimiyatchiligi deganda nimani tushunasiz?

4. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquqlaringizni bilasizmi?

5. Ularni to‘laqonli amalga oshirishda sizning qanday ishtirokingiz mavjud?

6. Inson huquqlari va burchlari o‘rtasida qanday munosabat mavjud bo‘lishi mumkin?

1.21K
Нет комментариев. Ваш будет первым!