Er-xotinning shaxsiy huquq va majburiyatlari

Bugun darsda quyidagilar bilan tanishasiz:

  1. Er-xotin huquq va majburiyatlarining vujudga kelishi.
  2. Er va xotinning familiya tanlash huquqi.
  3. Er-xotinning bolalar tarbiyasi va oila turmushi masalalarini hal qilishi.

1) Er-xotin huquq va majburiyatlarining vujudga kelishi

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin hisoblanadilar va ular o‘rtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi. Endi ular o‘rtasidagi munosabatlar axloq-odob qoidalarigina bilan emas, balki qonunlar va huquqiy qoidalar bilan ham tartibga solinadi. Bunda ayollar siyosiy jihatdan erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lganlaridek, oilada ham barcha shaxsiy va mulkiy masalalarda ular bilan teng huquqlardan foydalanadilar va bab-baravar majburiyatlarga egadirlar.

2) Er va xotinning familiya tanlash huquqi

Nikoh asosida ikki xil — shaxsiy va mulkiy munosabatlar kelib chiqadi. Shaxsiy munosabatlarga er-xotinning familiya tanlash huquqi, bolalar tarbiyasi va oila-turmush masalalarni hal etish, kasb va turar joy tanlash huquqlari kiradi. Bunday holatlarda ularning mehnati va fuqarolik huquqi muomala layoqatining elementi bo‘lib, oila huquqi sohasi hisoblanmaydi. Nikohga kirish vaqtida o‘z familiyasini o‘zgartirgan er (xotin) nikohdan ajratilgandan keyin ham shu familiyada qolishga haqli yoxud sud tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi qaror chiqarilayotganda uning xohishiga binoan unga nikohgacha bo‘lgan familiyasi qaytarilishi mumkin.

3) Er-xotinning bolalar tarbiyasidagi ishtiroki va turmush masalalarini hal qilishi

Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega. Ota-ona bolaning tarbiyasiga yoki manfaatlariga salbiy ta’sir qiladigan harakatlarni bajarsalar, ota-onalik huquqidan mahrum etiladilar. Ota-ona bolalar tarbiyasiga bir xilda mas’uldirlar. Bola o‘z ota-onasi tomonidan tarbiyalanish, manfaat ko‘rish, har taraflama kamol topish, insoniy qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Bolaning ota-onasi bo‘lmaganda yoki ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganida va bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda uning oilada tarbiyalanishi huquqiy vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi. Ota-onasi nikohining bekor qilinishi yoki haqiqiy emas deb topilishi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi. Ota-ona voyaga yetmagan farzandlarning qonuniy vakili hisoblanadi, chunki ular o‘z huquqi va majburiyatlarini mustaqil himoya qila olmaydilar.

Ota-ona nafaqat teng huquqlidir, balki bolalarni moddiy jihatdan ta’minlash, jismonan, ruhan va axloqiy sog‘lom qilib tarbiyalash, ularni mustaqil hayotga tayyorlash borasida ham bir xil majburiyatga egadirlar. Afsuski, ba’zida ota-onalar o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortadilar. Bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘ladilar, ularni tahqirlaydilar, ichkilik yoki giyohvandlik moddalari iste’moliga surunkali beriladilar yoki boshqa amallari bilan ota-onalik huquqini suiiste’mol qiladilar.

Bunday hollar aniqlangudek bo‘lsa, ular sud qaroriga asosan ota-onalik huquqidan mahrum etiladilar. Ota-ona huquqidan mahrum qilishga doir ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda bolani moddiy juhatdan ta’minlash uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (yoki ularning biridan) aliment undirish haqida qaror qabul qiladi. Sud bolaning manfaatlarini hisobga olgan holda ota-onalik huquqidan mahrum qilmay turib, bolani ota-onadan (ularning biridan) olish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishi (ota-onalik huquqini cheklashi) mumkin.

Ijodiy faoliyat

1-vaziyat. Gulnoza bilan Anvar turmush qurish uchun fuqarolik holatlarini qayd etish organiga ariza berishdi. Gulnoza o‘zining familiyasida qolmoqchi bo‘ldi. Anvar Gulnozaning bu fikridan qaytarishga urindi, ammo Gulnoza o‘z fikrida turib oldi.

Savol: Gulnoza turmushga chiqqanida o‘z familiyasida qolishi mumkinmi? Yoki aksincha Anvar Gulnozaning famiyalisini qabul qilishi mumkinmi?

2-vaziyat. Bir yildan so‘ng ularning oilasida farzand dunyoga keldi. Ular farzandiga bobosining ismini familiya qilib berishga qaror qilishdi. Endi ularning oilasida uch xil familiya.

Topshiriq: Bu holatga qonuniy baho bering.

Savol va topshiriqlar Ijodiy faoliyat:

1. Er-xotin huquq va majburiyatlari nimalarni o‘z ichiga oladi?

2. Er-xotin huquq va majburiyatlari qachondan boshlab vujudga keladi?

3. Ota-ona huquqidan mahrum qilishga doir ishlar kimlarning ishtirokida ko‘rib chiqiladi? Fikringizni asoslang.

4. Voyaga yetmagan farzandlarning qonuniy vakili kimlar bo‘lishi mumkin va nima uchun?

1.04K
Нет комментариев. Ваш будет первым!