Nikoh tuzish tartibi va shartlari
Bugun darsda quyidagilar bilan tanishasiz:
- Nikoh tushunchasi. Nikoh tuzish tartibi.
- Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi. Nikoh yoshi. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar. Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
1) Nikoh tushunchasi. Nikoh tuzish tartibi.
Nikoh oilaning vujudga kelishi uchun birdan-bir asosdir. Nikoh ahdi insonlarga mas’uliyat yuklaydi. Chunki oilada erning ham, ayolning ham o‘z vazifasi bor, ulardan har biri o‘z vazifasini to‘la ado etishga mas’uldirlar. Nikoh tufayli yangi oilalar vujudga keladi. Nikoh tuzish shunchaki rasmiyatchilik emas, uning davlat tomonidan qayd etilishi yuridik faktdir.
Aynan ro‘yxatga olingan (qayd etilgan) nikoh yuridik nikoh deb hisoblanadi va faqat ugina er-xotinlik huquqlari va majburiyatlarini yuzaga keltiradi. Ro‘yxatsiz (qaydsiz) nikoh haqiqiy emas. Nikoh davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab, er, xotin va bolalarning shaxsiy va mulkiy huquqlari hamda manfaatlarini muhofaza etish maqsadida qayd etiladi.
Nikohni qayd etishda guvohlarning soni ikki kishidan kam bo‘lmasligi kerak. Faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
2) Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi. Nikoh yoshi. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar.
Nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi. Amaldagi qonun hujjatlarida nikoh yoshi belgilab qo‘yilgan. Qonunga binoan erkaklar 18 yoshdan, ayollar esa 17 yoshdan nikoh tuzishlari mumkin. Fuqarolik qonunlariga asosan voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan o‘tgan fuqaro to‘la hajmdagi muomala layoqatiga ega bo‘ladi.
Nikoh tuzish natijasida ega bo‘lgan muomala layoqati 18 yoshga to‘lmasdan turib nikohdan ajratilgan taqdirda ham to‘la saqlanib qoladi. Nikoh haqiqiy emas, deb topilganida sud voyaga yetmagan er (xotin) sud belgilagan paytdan boshlab to‘la muomala layoqatini yo‘qotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Nikoh yoshiga amal qilmasdan, g‘ayriqonuniy ravishda nikoh munosabatlarida bo‘lish har xil huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday nikoh haqiqiy emas, deb topilib, oila qonunlarida belgilangan tegishli shaxsiy va mulkiy huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
Nikoh tuzilishiga monelik qiladigan holatlar.
1. Loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzilishi mumkin emas.
Respublikamizda har bir fuqaro faqat yakka nikohda bo‘lishi mumkin. Yakka nikohlik tamoyili bizning jamiyatimizda mavjud bo‘lgan yuksak axloqiy qoidalardan kelib chiqadi. Bu qoidaning buzilishi nikohni haqiqiy emas deb topilishiga asos bo‘ladi.
2. Nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh tuzilishiga ruxsat berilmaydi.
Qonun hujjatlarida yaqin, to‘g‘ri, yon shajara, yot aralashmagan va yot aralashgan qarindosh tushunchalari mavjud. Biri boshqasidan yoki umumiy ajdoddan dunyoga kelgan shaxslar yaqin qarindoshlar hisoblanadi. Biri boshqasidan dunyoga kelgan shaxslar, ya’ni bobo-ota, o‘g‘il-nevara-evara-chevara-dubora to‘g‘ri shajaradagi qarindoshlar deb yuritiladi. Aka-uka va opa-singil yon shajaradagi qarindosh deyiladi.
Yot aralashmagan qarindosh deb umumiy ota yoki onaga ega bo‘lishlik, yot aralashgan qarindosh deb turli ota yoki onadan tug‘ilgan o‘gay aka-ukalar va opa-singillar tushuniladi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni qonun yo‘li bilan taqiqlash axloqiy qoida hamda biologik nuqtayi nazarga, tibbiyot fani yutuqlari va xulosalariga asoslanadi. Boshqa qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish qonun bilan taqiqlanmaydi. Shuning uchun yon shajara bo‘yicha qarindosh bo‘lgan, tog‘avachcha, amakivachcha,xolavachchalar va boshqa uzoq qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish mumkin.
Aka-ukalar hamda opa-singillar farzandlarining o‘zaro nikoh tuzishlari maqsadga muvofiq emas. Qarindoshlik nikohi tufayli ko‘pincha nimjon, jismonan nosog‘lom, nuqsonli, mayib bolalar dunyoga keladi. Qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikoh hatto farzandsizlikka olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
3. Loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunday shaxslar o‘z qilmishlarining oqibatiga to‘liq javob bera olmaydilar va nikoh tuzishga ongli ravishda o‘z xohishlarini izhor eta olmaydilar. Bu qoida nikohlanuvchilarning ixtiyoriy va o‘z xohishiga ko‘ra nikoh tuzish tamoyilidan kelib chiqadi. Shaxsning ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi tufayli muomalaga layoqatsiz deb topilishi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga ariza topshirganidan so‘ng, nikohni qayd etish muddatigacha yuz bergan bo‘lsa ham, nikohdan o‘tishga monelik qiladi.
Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan aybdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 473 -moddasi va Jinoyat kodeksi 1251 -moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Nikoh haqida milliy qadriyatlardan.
Sizlar uchun (bu gap erkaklarga aytilyapti) onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opasingillaringiz, qaynonalaringiz, nikohingizda bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari – mana shu sanab o‘tilgan ayollarga uylanish harom qilindi.Qur’oni karim, Niso surasi, 23-oyat
Savol va topshiriqlar Ijodiy faoliyat
1. Oila quradigan inson qanday mas’uliyatlarni zimmasiga olishi kerak?
2. Oila qurish uchun nimalarga ega bo‘lish kerak?
3. Quyidagilardan qaysi biri bo‘lmasa ham oila qurish mumkin: moddiy imkoniyatlar, ma’naviy tayyorgarlik, ruhiy tayyorgarlik, jismoniy (biologik) tayyorgarlik?
4. Sizningcha, oilada turmushning qiyinchiliklari ko‘proq kimning zimmasiga tushadi? Fikringizni asoslang